Sport jamoatchiligi va muxlislar o‘yinlar boshlanishini katta qiziqish bilan kutmoqda. Sportchilarimizning Olimpiada o‘yinlarida muvaffaqiyatli qatnashishiga asos bo‘ladigan omillar ko‘p.

Istiqlol yillarida O‘zbekiston dunyoga sporti jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida ham tanildi. Bu boradagi taraqqiyotning asosiy omili Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan soha rivojiga qaratilayotgan ulkan g‘amxo‘rlik va e’tibordir.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq mamlakatimizda hech kimdan kam bo‘lmaydigan erkin demokratik jamiyat qurish uchun keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir, ham jismoniy, ham ma’naviy yetuk, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan avlodni voyaga yetkazish yuksak maqsad etib belgilandi.

O‘tgan davrda ana shu ezgu maqsadga erishish, farzandlarimizning o‘z aql-zakovati va iste’dodini to‘la namoyon etishi, ularni bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchiga aylantirish uchun ulkan kuch va imkoniyatlar safarbar etilib, g‘oyat zalvorli ishlar amalga oshirildi. Natijada bugun yurtimizning barcha hududlarida aholining sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur imkoniyatlar yaratildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada ommaviy sport o‘yinlari hamda bolalar sportini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar tufayli, bir tomondan, bolalarimiz zamonaviy shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda jismoniy chiniqayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro maydonlarda baland ko‘tarayotgan navqiron va zabardast sportchilarimiz yetishib chiqmoqda.

Buni olimpiya litsenziyasini qo‘lga kiritgan sportchilar orasida mazkur uch bosqichli sport tizimi musobaqalarida kashf qilingan iqtidorli yoshlarning ko‘pligi ham isbotlab turibdi.

Bu haqda gap ketganda, keyingi yillarda yurtimizda yuzlab muhtasham sport majmualari barpo etilganini qayd etish maqsadga muvofiqdir. Mamlakatimiz fuqarolari, ayniqsa, yoshlarimizning uzluksiz sport bilan shug‘ullanishini ta’minlashga xizmat qilayotgan ana shu zamonaviy va ko‘rkam inshootlar ommaviy sport rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimizda ommalashgan sportning ellikdan ziyod turidan o‘ttizdan ortig‘i Olimpiada o‘yinlari dasturidan joy olgan. Bunda sohada qabul qilingan Prezident farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, qonunlar asosida yangi bolalar sport inshootlarini barpo etish, sport anjomlari va jihozlari, kiyim-kechaklar va charm poyabzal mahsulotlarini respublikamizda ishlab chiqarish, maktablarda, ayniqsa, qishloq maktablarida jismoniy tarbiya darslari samaradorligini oshirish, aholi o‘rtasida sport madaniyatini yuksaltirish, ommaviy sport targ‘ibotini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar muhim omil bo‘ldi.

Sport targ‘ibotini rivojlantirish, sportchilarni ijtimoiy himoyalash, sohada katta yutuqlarga erishgan fuqarolar, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda alohida xizmat ko‘rsatgan sport ustozlarini, yoshlarni taqdirlash, sohani pedagog murabbiylar va malakali kadrlar bilan ta’minlash masalalari doimiy e’tiborda.

Eng muhimi, bunday qulay shart-sharoit nafaqat sport maydonlarida, balki hayotdagi intilishlarida ham yoshlarimizning parvoziga qanot berib, ularni irodasi mustahkam, el-yurtiga sadoqatli, Vatan sharafini himoya qilishni o‘z zimmasiga olgan insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Ha, Mustaqillik sportchilarimizga ham ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi. Bundan unumli foydalangan sportchilarimiz jahon maydonlarida yurtimiz sha’nini munosib himoya qilib kelmoqdalar.

Istiqlolga erishganimizdan buyon o‘zbek sportchilari yozgi Olimpiada o‘yinlaridan medalsiz qaytmagan. 1996 yili AQSHning Atlanta shahrida o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston vakillari ilk bor mustaqil jamoa sifatida ishtirok etib, dzyudochi Armen Bagdasarov kumush, bokschi Karim To‘laganov bronza medalni qo‘lga kiritgan edi. Keyingi Olimpiadalarda medallar soni yanada oshdi. 2000 yili Sidneyda (Avstraliya) bokschimiz Muhammadqodir Abdullayev terma jamoamizga oltin medal keltirdi. 2004 yili Afina Olimpiadasida erkin kurashchi Artur Taymazov va yunon-rum kurashi ustasi Aleksandr Dokturishivili shohsupanig eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

XXIX yozgi Olimpiadaga puxta tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilarimiz uchun yurtimiz va xorijda o‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazish, tajriba oshirish, xalqaro musobaqalarda muntazam ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.

Dunyo sportchilari Pekinga yo‘llanma olish uchun Olimpiada tarixidagi eng murakkab saralash bosqichidan o‘tishiga to‘g‘ri kelganini ta’kidlash lozim. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan olimpiya litsenziyalarini beradigan me’yoriy ko‘rsatkichlar sezilarli darajada oshirildi.

Hozircha o‘zbekistonlik sportchilardan ellik uch nafarining litsenziyasi Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlandi. Bu jarayon davom etayotganini inobatga olsak, Pekinga boradigan sportchilarimiz safi yanada kengayishi mumkin. Hamyurtlarimiz “Pekin-2008” musobaqalari dasturiga kiritilgan yunon-rum va erkin kurash, boks, dzyudo, og‘ir atletika, o‘q otish, sport gimnastikasi, baydarka va kanoeda eshkak eshish, yengil atletika va tennis kabi o‘ttizdan ziyod sport turidan o‘n beshtasi bo‘yicha bellashuvlarda qatnashadi.

O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida dunyoga dong‘i ketgan sportchilarning borligi olimpiya medallariga bo‘lgan umidimizni oshiradi. Xususan, erkin kurashchilar Artur Taymazov, Dilshod Mansurov, bokschi Bahodir Sultonov, dzyudochi Abdulla Tangriyev kabi sportchilarimizning avvalgi Olimpiada o‘yinlarida orttirgan tajribasi bu gal ham qo‘l kelishi tayin.

Muxlislar sport gimnastikasi ustasi Anton Fokin, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo o‘yinlari va qit’a chempionati g‘olibi Vadim Menkov, yengil atletikaning balandlikka sakrash turi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni Svetlana Radzivil, mohir taekvondochi Akmal Ergashevga ham katta ishonch bildirmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, sportchilarimiz erishadigan natijalar avvalgilaridan kam bo‘lmaydi, deyish uchun barcha asoslar bor. Vakillarimiz o‘z mahorati, tajriba va salohiyatini namoyon etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishiga, Pekindan mustaqilligimizning 17 yillik shodiyonasiga munosib sovg‘alar bilan qaytishiga shubha yo‘q.