Olti yoshidan buyon badiiy gimnastika bilan shug‘ullanib kelayotgan bu qizga ustozi Anella Malkina yuksak oruzlarga yetishish uchun ko‘p mehnat qilishi, maqsad sari dadil intilishi lozimligini ko‘p ta’kidlaydi. Muttasil mashg‘ulotlar o‘z samaralarini bera boshladi. U Rossiya, Ukraina, Isroil, Turkiya va Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirlarda sovrinli o‘rinlarni egalladi.

Joriy yilning may oyida Nukus shahrida o‘tkazilgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining “Barkamol avlod-2008” sport o‘yinlari ham bir umr xotirasida qoladi. Poytaxt terma jamoasi sharafini himoya qilgan Komila bellashuvlarda to‘rtta oltin va bitta kumush medal bilan taqdirlandi.

Mamlakatimizda Yoshlar yili deb e’lon qilingan 2008 yil Komila uchun omadli keldi. U o‘z tengqurlari o‘rtasida o‘tkazilgan mamlakat birinchiligida g‘olib chiqdi. Kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida obruchda bajarilgan mashqlarda ham oltin medalni qo‘lga kiritdi, umumiy natijalar bo‘yicha esa uchinchi o‘rinni egallab, sport ustasi me’yorini bajardi.

K.To‘xtayeva litseyda iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda. Ingliz tili, matematika, fizika, tarix va kimyo kabi fanlarga qiziqishi baland. Shuningdek, kelajakda turizm sohasi sir-asrorlarini o‘rganish niyatida.

– Mamlakatimizda yosh avlodning puxta ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, bir so‘z bilan aytganda, komil inson bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, – deydi Komila. – Shunday ekan, biz, yoshlar bunday g‘amxo‘rlik va e’tiborga munosib bo‘lib, Vatanimiz ravnaqiga xizmat qilishga qodir insonlar sifatida kamol topishimiz lozim. Yurtimiz dovrug‘ini olamga yoyish – eng buyuk orzuim!

Manba: http://uza.uz