Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida:

1. 2008 yilning 1 sentabridan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, stipendiyalar, pensiyalar hamda ijtimoiy nafaqalar miqdori o‘rta hisobda 1,2 baravar oshirilsin.

2. 2008 yilning 1 sentabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam:

  • ish haqi – oyiga 25040 so‘m;
  • yoshga doir pensiyalar – oyiga 49600 so‘m;
  • yagona tarif setkasi bo‘yicha boshlang‘ich (nulinchi) razrad – oyiga 25040 so‘m;
  • bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 49600 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 30040 so‘m miqdorida belgilansin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, ish haqiga qo‘shiladigan ustama va qo‘shimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek, pensiyalar, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarga, bolali oilalarga beriladigan nafaqalar hamda eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa to‘lovlar 2008 yilning 1 sentabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, budjetdan moliyalanadigan tashkilot hamda muassasalar bilan birgalikda pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, budjet muassasalari va tashkilotlari
xodimlarining lavozim maoshlari miqdorini mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda o‘z vaqtida qayta hisoblab chiqishni ta’minlasin.

5. Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqa va stipendiyalarning oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar respublika Davlat budjeti va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilsin.

6. Xo‘jalik hisobidagi korxona va tashkilotlar 2008 yilning 1 sentabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqiga muvofiq, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish hisobiga ish haqi miqdorini oshirsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 5 martdagi PF-3972-sonli Farmoni (7-bandi istisno qilingan holda) 2008 yilning 1 sentabridan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2008 yil 21 iyul

Manba: http://uza.uz