Mamlakatimiz rahbari ushbu uchrashuv tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini, 2007 yilning noyabr oyida yurtimizda ish boshlagan AQSH elchisi o‘tgan davr mobaynida O‘zbekistondagi hayot bilan yaqindan tanishganini ta’kidladi.

– Siz O‘zbekistondagi haqiqiy vaziyat haqida AQSHga boshqa turli manbalardan yetib boradigan axborotlardan farqli bo‘lgan materiallar to‘plash imkoniga ega bo‘ldingiz, – dedi Islom Karimov. – Bu o‘zaro ishonchli hamkorlikni rivojlantirishda muhim omildir.

R.Norland samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor etib, O‘zbekiston-AQSH munosabatlari rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki tomonlama hamkorlik bundan keyin ham o‘zaro manfaatdorlik asosida bosqichma-bosqich taraqqiy etishiga ishonch bildirdi. Uning fikricha, ayni paytda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik, shu jumladan, Afg‘onistonni tiklash bilan bog‘liq masalalarda hamkorlikni rivojlantirish muhim. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, gumanitar sohadagi qo‘shma loyihalarni ijro etish, inson huquqlari sohasidagi aloqalarni davom ettirish kerak.

Uchrashuvda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Manba: http://uza.uz