Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida fermer xo‘jaliklarida ishlovchilarni ijtimoiy himoya qilish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda shular haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston fermer xo‘jaliklari uyushmasi raisi A.Aripovning aytishicha, mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish borasida ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik fermer xo‘jaligida ishlayotganlar faoliyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Fermer xo‘jaliklarida ishlovchilarning mehnatiga haq to‘lash tizimi shakllantirildi. Ishchilarning har biriga mehnat daftarchasi, pensiya guvohnomasi berish, ularga ta’til kunlari belgilash, ikki yoshgacha bo‘lgan bola tarbiyasi bilan band ayollarga nafaqa to‘lash yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston fermer xo‘jaliklari uyushmasi, Qishloq va suv xo‘jaligi, Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirliklari hamkorligida Yuqori Chirchiq tumanining “Zulayho Ilhom” fermer xo‘jaligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan yuzga yaqin fermer xo‘jaligi rahbari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari mazkur fermer xo‘jaligi dalalarini, “Agrotexlizing” kompaniyasi tomonidan uyushtirilgan texnika ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi.

– Xo‘jaligimizga jalb etilgan 27 nafar ishchi 135 gektar maydonda mehnat qiladi, – deydi “Zulayho Ilhom” fermer xo‘jaligi boshqaruvchisi Asqar Pardayev. – 75 gektar yerda paxta, 60 gektarida g‘alla yetishtiramiz. Joriy mavsumda 260 tonna bug‘doy yetishtirib, 22 million so‘m sof foyda ko‘rdik. Ishchilarga o‘z vaqtida haq to‘lash bilan birga, har bir ishchiga 500 kilogrammdan bug‘doy tarqatdik. Ularning madaniy hordiq chiqarishi uchun zamonaviy dala shiyponi qurdik.

Seminarda mulk sohiblari fermer xo‘jaliklarida mehnat munosabatlarini tartibga solish, dala mehnatkashlari uchun yaratilgan sharoit va ular bilan tuzilayotgan shartnomalarni rasmiylashtirish borasidagi o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan javob oldilar.

O‘zA, Sayyora Shoyeva, 23.07.2008 18:52

Manba: http://uza.uz