Davlatimiz rahbarining 2007 yil 20 iyulda qabul qilingan “2007-2010 yillarda xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida iqtisodiyotni rivojlantirishda xususiy mulkchilikning rolini oshirishga doir vazifalar belgilab berildi. Bu borada Surxondaryo viloyatida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Past rentabelli, zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni investitsiya majburiyatlari evaziga bepul berish tartibining joriy etilishi xususiylashtirish jarayonini tezlashtirib, odamlarda mulkka egalik hissini kuchaytirmoqda. Shu yilning o‘tgan davrida to‘qqiz korxona va obyekt nodavlat shaklga o‘tdi, 48 korxona birja savdolariga chiqarildi.
Jarqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli jarrohlik bo‘limining eski binosi davlat tender komissiyasi qarori bilan savdoga qo‘yildi. Ta’mirtalab bo‘lib qolgan inshoot tanlov savdosi orqali 65 million so‘m investitsiya kiritish sharti bilan “Jarroh medik” xususiy klinikasiga berildi. Sarmoyador binoni ta’mirlab, mebel, zamonaviy tibbiy uskunalar va jihozlar keltirdi. Mijozlarga malakali xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi va qisqa vaqtda 40 million so‘m miqdorida investitsiya kiritdi.
– Yangi yilgacha investitsiya majburiyatini ortig‘i bilan bajarib, mijozlar uchun yanada qulay sharoit yaratishni mo‘ljallamoqdamiz, – deydi xususiy klinika rahbari Bahodir Mahmudov. – Buning uchun qo‘shimcha tibbiy uskuna va jihozlar sotib olamiz. Yangi ish joylari ochamiz.
Davlat mulk qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Poyonovning aytishicha, past likvidli, zarar ko‘rib ishlayotgan “Attorlik-Surxon”, “Angor bosmaxona” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “Surxonsuvqurilish” aksiyadorlik jamiyati ham investitsiya majburiyatlari evaziga bepul berilgach, ularning ishlab chiqarish quvvati sezilarli oshdi. Muhimi, mulk o‘z egasini topishi ichki va tashqi bozorga raqobatbardosh mahsulotlar yetkazish imkoniga ega korxonalarning safi kengayishiga, aholi bandligi va turmush farovonligining oshishiga xizmat qilmoqda.
O‘zA, X.Mamatrayimov, 23.07.2008 18:40
Manba: http://uza.uz

October 26th, 2008
"Investitsiyalar – iqtisodiyot tayanchi" ga O ta izoh qoldirilgan
Hoziroq Izoh Qoldiring!