“Yoshlar yili” Davlat dasturi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirda kompaniyaning Samarqand, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlaridagi sakkizta ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonasining 150 nafardan ziyod yosh mutaxassislari ishtirok etmoqda.
– Yaqinda poytaxtimizda ham ana shunday tadbir o‘tkazgan edik, – deydi “O‘zbekenergo” DAK kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Nurmatov. – Bunday anjumanlar yurtimizda elektr energiya ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berish imkoniyatlari bilan yoshlarni yaqindan tanishtirish, sohadagi yangilik va o‘zgarishlardan xabardor etish, zamonaviy texnikalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va o‘zaro tajriba almashishda muhim ahamiyatga ega.
Bugun energetika tizimidagi korxonalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar safi yil sayin kengayib bormoqda. Har yili ming nafarga yaqin yigit-qiz ishga qabul qilinmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 800 nafar kollej bitiruvchisi, 150 nafardan ziyod oliy ma’lumotli yosh mutaxassis ishga olindi. Ayni paytda ishlash bilan birga oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 400 nafarga yaqin ishchi-xizmatchining to‘lov-shartnoma pullari kompaniya tomonidan to‘lab berilmoqda. Yana ko‘plab yigit-qizlar xorijiy mamlakatlarda tajriba orttirib kelmoqda.
Anjuman doirasida o‘tkazilgan soha faxriylari va korxonalar rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvda tizimda mehnat qilayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni ijtimoiy himoyalash borasida olib borilayotgan ishlar xususida so‘z bordi.
– Bunday anjumanlar o‘zimiz mehnat qilayotgan soha haqida ko‘proq tushunchaga ega bo‘lish, hamkasb tengdoshlarimiz ishini o‘rganish, o‘zaro fikr almashish imkonini berayotgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Janubiy-G‘arbiy magistral elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi Sobir Yorov. – Eng muhimi, hamkasblarimiz va mutaxassislardan o‘zimizni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olmoqdamiz. Bu esa kelgusidagi ish faoliyatimizda o‘z samarasini beradi, albatta.
Anjuman doirasida ishtirokchi jamoalar o‘rtasida kasb mahorati tanlovi, minifutbol musobaqasi o‘tkaziladi, madaniy dasturlar namoyish etiladi, Samarqandning tarixiy obidalari va diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtiriladi.
O‘zA, G‘.Hasanov, 23.07.2008 18:54
Manba: http://uza.uz

October 26th, 2008
"Yosh energetiklar anjumani" ga O ta izoh qoldirilgan
Hoziroq Izoh Qoldiring!